Bugun xalqaro tibbiy hamkorlik doirasida Mo‘g‘ulistonning yetakchi xususiy tibbiyot muassasalaridan biri — Intermed Hospital delegatsiyasi “EZGU NIYAT” ko‘p tarmoqli klinikasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlar klinikamizning zamonaviy infratuzilmasi, yuqori texnologiyali tibbiy uskunalari va malakali mutaxassislar jamoasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ularga klinikada joriy etilgan zamonaviy diagnostika va davolash usullari, bemorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati hamda qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Uchrashuv jarayonida tomonlar o‘rtasida tibbiyot sohasidagi ilg‘or tajribalar almashinuvi, innovatsion yondashuvlarni joriy etish, zamonaviy tibbiy texnologiyalardan samarali foydalanish hamda kelgusidagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan mazmunli va qiziqarli muloqot bo‘lib o‘tdi.
Intermed Hospital vakillari “EZGU NIYAT” klinikasining yuqori darajada tashkil etilgan faoliyati, professional jamoasi va bemorlarga bo‘lgan e’tiborini alohida e’tirof etib, klinika faoliyatiga yuqori baho berdilar.
Tashrif yakunida mehmonlarga “EZGU NIYAT” klinikasi nomidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
“EZGU NIYAT” klinikasi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tibbiy tajribalarni joriy etish va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqda.